O‘zbek kinosida shunday musiqalar borki, ularni alohida tushuntirish shart emas. Sizga ilk notasidan tanish. Birinchi ohangdayoq ichingda nimadir siljiydi. Qiziq tomoni — u musiqani eshitgan odam filmni ko‘rgan yoki ko‘rmaganining ahamiyati yo‘q. Unga baribir tanish.
Bunday kompozitsiyalardan biri — "Mahallada duv-duv gap" filmidagi asosiy kompozitsiya "Oq lolalar" valsi.
Oddiy quloq bilan eshitsang — yevropacha klassik valsga o‘xshaydi. Silliq, nafis, akademik. Lekin chuqurroq quloq solsang, ichidan sof o‘zbekona folklor nafasi urf urib turadi.
Bu tasodif emas. Bu ongli, nozik va juda yuqori darajadagi kompozitorlik qarori.
Musiqa muallifi — Manas Leviyev.
Folklorsiz folklor. Milliy cholg‘usiz milliy ohang
Manas Leviyev — o‘zbek kinosining oltin davrini belgilagan va milliy simfonik musiqaning shakllanishida muhim rol o‘ynagan ijodkor.

U “Maftuningman”, “Mahallada duv-duv gap” "O'tgan kunlar" kabi afsonaviy filmlar uchun musiqalar yozgan. Qiziq jihati shundaki, ko‘plab kompozitsiyalarni eshitib, odam beixtiyor “bu folklor-ku” deydi.
Lekin yo‘q — bu tayyor xalq kuylarining qayta ishlanishi emas.
Bular — mualliflik asarlari.
Leviyevning kuchi shunda ediki, u birorta ham milliy cholg‘u ishlatmasdan turib ham mutlaqo o‘zbekona ohang yaratardi. Do‘ppi kiyib yurgan, tashqi ko‘rinishda ham, ichki dunyosida ham bu hududga mansub bo‘lgan ijodkor edi u.
Musiqasi esa milliylikni tashqi bezak bilan emas, ichki tuzilma bilan yetkazardi.
Uni hech kimga o‘xshatib bo‘lmaydi
Leviyevni qaysi kompozitorga qiyoslash mumkin — bu savolning o‘zi qiyin. U tom ma’noda unikal.
Eng yaqin parallellardan biri sifatida ko‘pincha Dmitriy Shostakovich tilga olinadi.
Va bu shunchaki taxmin emas.
Eng qizig‘i — Shostakovichning o‘zi Leviyev ijodini yuqori baholagan, uni e’tirof etgan. Jahon klassik musiqasi darajasidagi bastakor tomonidan bildirilgan bu baho — o‘zbek kino musiqasi tarixida juda kam tilga olinadigan, lekin nihoyatda muhim fakt.
“Bu sovet davrida qilingan” degan bahona haqida
Ha, albatta, kimdir aytadi: “Bu filmlar ham, bu musiqalar ham sovet paytida yaratilgan”. Bu gap fakt jihatdan to‘g‘ri. Lekin mazmun jihatdan yetarli emas.
Bu asarlar shu hududda, o‘zbeklar tomonidan, o‘zbek tomoshabini uchun va o‘zbek madaniy kontekstida yaratilgan. Demak, bu — bizning umumiy tariximiz. Uni inkor qilish emas, balki anglash va qayta o‘qish kerak.
Madaniyat tarixini davrga qarab emas, sifatga qarab baholash kerak.
DNK masalasi
Ko‘pincha shunday deyishadi: “Bu musiqa o‘zbekistonliklarning DNKsiga singib ketgan”.
Menimcha, bu fikrni teskarisiga aylantirish to‘g‘riroq bo‘ladi.
Bu musiqa o‘zbekistonliklarning DNKsidan olingan.
Shu sababli u majburan milliy ko‘rinmaydi. Shu sababli u tabiiy eshitiladi. Shu sababli u bugun ham eskirmaydi.
Eng achinarlisi
Afsuski, har doimgidek, bu darajadagi san’at asarlari va ularning mualliflari haqida sifatli, chuqur va qiziqarli materiallar juda kam. Arxivlar yopiq. Tadqiqotlar yetarli emas. Ommaviy muhokama yo‘q.
Lekin shu paytda, algoritmlar dunyosida, “Ko‘k jiguli” kabi qo‘shiqlar 500 million ko‘rish yig‘adi.
Bu taqqoslash kimnidir kamsitish uchun emas. Bu savol qo‘yish uchun.
Biz nimani eslab qolayapmiz va nimani unutayapmiz?
Muallif: Kunduziy