Gravity Falls — bu animatsion multserial mening yoshligimning bir bo‘lagiga aylangan.
Ayrim seriallarni bir marta ko‘rsangiz, tushunish uchun yetarli bo‘ladi.
Lekin Gravity Falls’ni har xil yoshda ko‘rsangiz, har safar turlicha taassurot olasiz.
Nega bu serialni hozirgi kungacha miriqib tomosha qilishadi?
Birinchi marta ko‘rganim hali-hanuz esimda: 2016 yil, yoz, 9 yoshli Sarvar o‘zining o‘qishdan keyingi ikkinchi yozgi ta’tilida.
“Disney” kanalini doim ko‘rib kelardim va kunlarning birida menga notanish bo‘lgan multserialga ko‘zim tushdi.
Animatsion filmlar bo‘yicha o‘zimni yetuk mutaxassis deb hisoblagan paytimda ham, negadir Gravity Falls boshqacha edi — u meni o‘ziga rom etdi.

Nega bu serial odamni bunchalik o‘ziga tortadi?
Shu savolga javob topishni xohlardim...
Va men bu savolga qisman javob topdim, deb o‘ylayman.
Sir va yashirin kodlar
Serialning o‘ziga xos “fishkasi” bor — har bir seriya oxirida keyingi qismga kichik ishoralar (spoilerlar) beriladi.
Voqealar asosan sirli o‘rmonlarda kechadi va u yerda yashirin kodlar mavjud.
Bu kodlarning aksariyati aniq javob bermaydi. Aksincha, tomoshabinni o‘ylashga majbur qiladi va har kim o‘zi uchun xulosa chiqaradi. Shu sababli tomoshabin oddiy kuzatuvchi emas, balki voqealar ishtirokchisiga aylanadi.

Balans: qo‘rquv va kulgi
Serial hissiyotlar balansini juda yaxshi ushlab turadi:
goh qo‘rqasan, goh kulasan, goh hayajonlanasan, goh achinasan.
Bunga yaqqol misol — Bill Cipher.

U tashqi ko‘rinishdan quvnoq, oddiy uchburchak shaklga o‘xshaydi, lekin aslida u serialdagi eng xavfli qahramonlardan biri.
Bu kontrast serialni yanada qiziqarli va esda qolarli qiladi.
Ssenariy va grafika
Men bu serialni birinchi marta yuqorida aytganimdek 2-sinf yakunida ko‘rganman (serial esa 2012 yilda ommaga taqdim etilgan).
O‘sha paytda ssenariy haqida o‘ylash u yoqda tursin, hali yolg‘iz cho‘milishni ham endi o‘rganayotgan edim. Shuning uchun bu jihatlarga e’tibor bermaganman.

Hozirga kelib shuni tushundimki: ssenariy juda yuqori darajada yozilgan. Dialoglar mantiqan bir-biriga juda silliq ulanadi. Tomoshabin ortiqcha savol bermaydi — hamma narsa tabiiy rivojlanadi.
Grafika minimalistik uslubda ishlangan. Juda yorqin, ko‘zni charchatadigan ranglardan yiroq. Vizual jihatdan yoqimli va ko‘zni “dam oldiradigan” ranglar tanlangan.
Serial 2 ta fasldan iborat — har birida 20 tadan epizod, jami 40 ta qism mavjud.
Spoiler bermayman, chunki bunday asarni har kim o‘zi ko‘rib his qilishi kerak.

Va meni doim qiynab kelgan yana bir savol bor edi: nega televideniye bu serialni sotib olib, o‘zbek tiliga tarjima qilib, bizning yoshlarga ko‘rsatmaydi?
Axir, hatto YouTube’da ham bu serialni bemalol tomosha qilish mumkin. Bu esa faqat va faqat yoshlarning dunyoqarashini kengaytiradi. Serialda 18+ sahnalar deyarli yo‘q, qo‘pol so‘zlar ham ishlatilmaydi.
Shunday bo‘lsa-da, nega u keng ommaga yetib bormadi — bu savolga hanuz aniq javob topa olmadim.
3-fasl chiqishiga ko‘plab ishoralar bo‘lgan edi, hatto loyiha muallifi Alex Hirsch tomonidan ham. Millionlab muxlislar 3-faslni talab qilishdi. Ammo muallif oxir-oqibat 2-fasl yakuniy ekanligini e’lon qildi.
Albatta, ko‘pchilik bu xabardan tushkunlikka tushdi.
Ayniqsa, men buni eshitganimda juda siqilib qolgan edim. Hatto kayfiyatimni ko‘tarish uchun Ozoda Nursaidovaning “Ko‘k juguli” qo‘shig‘ini eshitsam ham, kayfiyatim ko‘tarilmadi.
Ko‘p seriallar pul uchun cho‘ziladi va natijada sifati tushadi. Lekin maqolam boshida aytganimdek, Gravity Falls boshqa multseriallarga o‘xshamaydi.
Bu serial cho‘zilmagani uchun emas, aynan vaqtida tugagani uchun qadrlidir