So‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekistonning yangi media sahnasi shakllanmoqda — uning markazida
YouTube platformasi turibdi.

ph. ISFANDIYOR
Avvallari televideniye hukmron bo‘lgan video makon endi asta-sekin creator’lar qo‘liga o‘tmoqda. TV’da ko‘ngilochar loyihalar kamayib, asosan futbol translatsiyalari va “bizning” seriallar efirda ketayotgan bir paytda, YouTube mamlakatdagi eng muhim digital video platformalardan biriga aylandi.
2025-yil oxiriga kelib, O‘zbekiston internet foydalanuvchilari soni 33,1 millionga yetdi. CERR (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi) tahliliga ko‘ra, o‘zbek OAVlari 2025-yil may oyida keltirgan baholashga muvofiq, YouTube’ning mamlakatdagi oylik faol auditoriyasi taxminan 13 millionni tashkil etadi.
Agar bu ko‘rsatkichni umumiy internet auditoriyasi bilan solishtirsak, YouTube mamlakatdagi digital foydalanuvchilarning qariyb 39 foiziga teng bo‘ladi. Bu katta miqyos — ayniqsa gap shunchaki akkauntlar emas, balki oylik faol kuzatuvchilar (real monthly active users) haqida ketayotganini hisobga olsak.
Bundan ham muhimrog‘i — YouTube bugun O‘zbekistonda video iste’molining markaziy nuqtasiga aylanib bormoqda. Wunder Digital tahliliga ko‘ra, hali monetizatsiya ochilmagan bo‘lsa ham, YouTube asosiy video platformaga aylangan. Ya’ni insonlar boshqa platformalarga qaraganda YouTube’dagi kontentni tomosha qilishni ustun ko‘rishadi.
Ammo platformaning o‘sishini algoritmlar emas, odamlar ta’minlaydi. Bu sahnani rivojlantirayotganlar — kontent yaratuvchilar. Turli janrlar, formatlar va auditoriyalar bilan ishlayotgan yangi avlod creator’lari YouTube’ni O‘zbekistonda shunchaki platformadan butun boshli media ekotizimga aylantirmoqda.
Qiziq tomoni — creator’lar turli avlod vakillari. Ular orasida TV ko‘rib ulg‘aygan millenniallar ham, o‘smirligidan boshlab o‘zi xohlagan kontentni tanlab ko‘ra olgan zoomerlar ham bor. Ularni birlashtirib turadigan narsa esa — sifatli o‘zbek tilidagi kontentni ko‘paytirish.
Buni amalga oshirish uchun har bir ijodkor o‘z iqtidori va qiziqishlaridan kelib chiqib yondashmoqda.
Masalan, Axror Alixonov, Kamol Qahhorov, Omonxon, Baburello kabi ijodkorlar o‘zbek YouTube’ni ko‘ngilochar kontent bilan ta’minlaydi.
Ularning har bir videosi kuchli kreativlik va katta miqyosni talab qiladi.

ph. ISFANDIYOR
Buning ikki sababi bor. Birinchisi — obunachilar sonini oshirish va auditoriya yosh chegarasini kengaytirish. Ikkinchisi — entertainment janridagi creator’lar doim bir-biri bilan raqobatda bo‘lib, har bir video orqali janrni yangi darajaga olib chiqishga majbur.
Creator’larda qo‘rquv hissi yo‘q va ular maqsadiga erishish uchun har narsani o‘rtaga tikishga tayyor. Bunday keskin xarakter bilan ishlashga sabab — ular doimiy stereotiplar va katta byudjetga ega TV bilan raqobat qilmoqda. Bu yigitlar o‘z faoliyatini boshlagan paytda ko‘pchilik ularni jiddiy qabul qilmagan. O‘sha paytda ko‘ngilochar kontent asosan Instagram’dagi vinelar va TV’dagi dasturlardan iborat edi. Ular esa bu holatni o‘zgartirishga erishdi va yanada yaxshilashni rejalashtirmoqda.

ph. ISFANDIYOR
Entertainment kontent butun dunyo bo‘ylab doim mainstream bo‘lib kelganiga qaramay, taxminan 3–4 yil oldin o‘zbek YouTube’da ko‘ngilochar kontentdan ko‘ra ilmiy kontent ko‘proq tomosha qilinar edi.
Hozir o‘sha davrni eslar ekanmiz, yengil nostalgiya paydo bo‘ladi va YouTube O‘zbekistonda o‘zining ilk “prime” davrini o‘tkazganini his qilamiz.
Birinchilardan bo‘lib “Xurmo” YouTube kanali jamoasi boshqa tillardagi “edutainment” videolarni rasmiy ravishda o‘zbek tiliga tarjima qilishni boshlagan edi.
Shundan keyin Kunduziy, Teacher Azam, Texnoplov, Magnit, Bekipedia, Temur Khatamov, Xuddi Shunday kabi creator’lar o‘zbek auditoriyasini yuqori sifatli ilmiy-ommabop kontent bilan ta’minladi.

ph. ISFANDIYOR
Aynan shu turdagi kontent o‘zbek tilida yaxshi rivojlangani uchun ham aksariyat o‘zbeklar YouTube’ga jiddiy qaraydi. Hattoki ba’zi maktablarda ularning videolari darslik sifatida ham qo‘llaniladi. Videolardagi sinematik kadrlar, memlar va kuchli ssenariy tomoshabinni ushlab turadi hamda murakkab mavzularni oson tushuntiradi.
O‘zbek zabon zoomerlarning dunyoqarashi shakllanishida edutainment janridagi youtuber’larning hissasi juda katta. Chunki ular nafaqat kontent yaratadi, balki ijobiy ta’sir ko‘rsatishga ham intiladi. Ko‘plab yoshlarning chet tillari, IT, dizayn va boshqa zamonaviy kasblarni o‘rganishiga aynan ular ilhom bergan.
Biroq bu creator’lar o‘zlari uchun tanqidchilarni ham “tarbiyalaydi”.

ph. ISFANDIYOR
Yillar davomida ularning videolarini tomosha qilib ulg‘aygan avlod endi yuqoriroq sifat, chuqurroq izlanish va kuchliroq eksperimentlarni talab qila boshladi. Creator’lar esa bu talablarni qondirish uchun hozir avvalgidek faol emas.
Albatta, bu formatdagi videolar sifatini oshirish uchun ko‘proq mablag‘ kerak. Afsuski, hozirgi kunda yirik brendlarning ko‘pchiligi edutainment’ga e’tiborni kamaytirgan. Bunday kontentning qisqarishi esa o‘zbek tili va shu tilda so‘zlashuvchilarning rivojlanish sur’atiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Edutainment yaratuvchilari aniq ssenariy yozish va mavzuni chuqur o‘rganish orqali video tayyorlaydi. Intervyuer va podkasterlar esa ekspertlarni chaqirib, mavzuni birgalikda muhokama qiladi.
Tashqaridan qaraganda bu format osondek tuyuladi, ammo aslida eng qiyinlaridan biri. Boshlovchi mehmon va tinglovchiga o‘zini erkin his qiladigan muhit yaratishi kerak. Shundagina suhbat samimiy va qiziqarli bo‘ladi.
O‘zbekistonda bu janrda faoliyat yuritayotganlar soni ko‘p emas, ammo ularning auditoriyasi yosh va qadriyatlarga qarab farqlanadi.
Masalan, Azam Qahramoniy asosan geek madaniyati, siyosiy va falsafiy mavzularda suhbat olib boradi. Sardor Salyamov “NmaGap” podkastida turli mehmonlarni chaqirib, auditoriyaning dunyoqarashini kengaytirishga harakat qiladi. Mehmonlar orasida professorlar, sportchilar yoki jismoniy imkoniyati cheklangan insonlar ham bo‘lishi mumkin.
Feruz Muhammad "intervyu TV" ko‘pchilikka qiziq shaxslarning hayotiy tajribasini yoritadi.
Shoira Mirsadikova'ning intervyulari esa asosan ayollarning jamiyatdagi o‘rni, farzand tarbiyasi va mashhur insonlarning sahna ortidagi hayotini ochib berishga qaratilgan.

ph. ISFANDIYOR
Bu janr vakillari auditoriyasini sekin, yillar davomida yig‘adi, ammo eng sodiq kuzatuvchilar aynan ularda bo‘ladi. Vaqt o‘tishi bilan boshlovchi va tinglovchi o‘rtasida mustahkam bog‘liqlik paydo bo‘ladi.
Qahramonlarimizning barchasida energiya, o‘ziga ishonch, ishiga muhabbat va kuchli mas’uliyat hissi yuqori. Yaqin o‘tmishda YouTuber’likni to‘liq kasb sifatida qabul qilish qiyin edi. Ammo vaqt o‘tishi bilan foydalanuvchilar ham, sifatli kontent yaratuvchilar ham ko‘paydi va butun bir industriya shakllandi.
Creator’larni nafaqat ishtiyoq, balki umumiy muammo ham birlashtiradi — monetizatsiya.
YouTube hali ham O‘zbekiston hududidagi tomoshalar uchun to‘lov qilmaydi. Shu sababli ijodkorlar reklama integratsiyalariga tayanishga majbur.
Lekin 80% brendlarplatformaning va undagi kontentni qiymatini haligacha tushunib yetmagan.
Ijodkorlar parallel ravishda Instagram uchun ham kontent yaratishadi, kimdir xohlab, kimdir noilojlikdan. Chunki brendlarning e’tibori asosan shu platformada. Ammo Instagram’dagi kontent tez unutiladi — ko‘pincha 2–3 kun ichida.
YouTube’da esa videolar uzoq yashaydi. Algoritmlar hatto 5–10 yil oldin yuklangan videolarni ham tavsiya qiladi. Ya’ni YouTube qisqa muddatda katta natija bermasa ham, uzoq muddatda brend va ishonch yaratishga yordam beradi.
Bugungi kunga kelib YouTube allaqachon eng asosiy tomosha platformasiga aylangan. Har kuni millionlab odamlar unda yangilik ko‘radi, bilim oladi yoki musiqa tinglaydi.

Afsuski, bu jarayonni ta’minlab turgan ijodkorlarning kelajagi hali ham noaniq.
Agar bu maydon yana bir necha yil davomida faqat creator’larning shaxsiy sabri, ishtiyoqi va qurbonligi hisobiga yashashda davom etsa, unda boshqa xavf paydo bo‘ladi. Tashqaridan yorqin ko‘ringan sahna ichkaridan sekin charchaydi. Kuchli ijodkorlar susayadi, ayrimlari to‘xtaydi, ayrimlari boshqa maydonlarga o‘tadi. Natijada esa bozor bo‘shab qoladi va o‘zbek media muhiti yana rangsiz, ehtiyotsiz va ruhsiz holatga qaytishi mumkin.
Shuning uchun bugun gap faqat creator’lar haqida emas.
Gap til haqida.
Gap madaniyat, tomoshabinning didi va kelajakdagi media odatlari haqida.
YouTube bugun bu savollarning markazida turibdi. Uni oldinga olib ketayotganlar esa kamerani yoqib, montajni boshlab, hech kim to‘liq kafolat bermagan yo‘lda ishlab kelayotgan ijodkorlardir.
Ular shunchaki video qilmayapti.
Ular yangi media davrining o‘zbek tilidagi qiyofasini yasayapti.
Tez kunda SHOWQIN - mustaqil mediaplatformasidan exclusive hujjatli film premyerasi:
"O'zbekistonda YouTube'ni rivojlantirayotgan ijodkorlar"
Creator’lar fikri, real tajriba va industriya holati — birinchi manbalardan.
Maqolamiz uchun fotosessiyada ishtirok eta olmagan YouTube ijodkorlarni filmda ko'rishingiz mumkin bo'ladi.
SHOWQIN — mustaqil mediaplatforma.
Exclusive fotosessiya ISFANDIYOR tomonidan amalga oshirildi.
Loyiha fotografi, materialning vizual hammuallifi va bu hikoyani o‘z nigohi bilan muhrlagan ijodkor.
showqin jamoasi ISFANDIYOR'ga alohida minnatdorchilik bildiradi.